O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-61-son qarori bilan yoshlarning bandligini ta’minlash, oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining mehnat bozoriga integratsiyasini kuchaytirish, xususiy sektor va tijorat banklari ishtirokida kadrlar tayyorlash jarayonini takomillashtirish yuzasidan keng imkoniyatlar yaratib berildi.
Mazkur Qaror asosida “O‘zmilliybank” AJ tomonidan hududlarda “Kelajakka qadam” markazlari tashkil etilishi belgilangan. Ushbu Markazda “O‘zmilliybank” bilan hamkorlikda talaba yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Kelajakka qadam” dasturi Qarorda belgilab berilgan quyidagi yo‘nalishlarda amalga oshiriladi:
-O‘z biznes g‘oyalarini amalga oshirish istagi bo‘lgan Universitetning bitiruvchi bosqich talabalari uchun biznes g‘oyani tayyor loyihagacha olib borish jarayonida to‘liq hamrohlik qilish, shu jumladan qulay shartlarda moliyalashtirish;
-Universitetning bitiruvchi va quyi bosqich talabalari o‘rtasida sohalar bo‘yicha ochiq tanlovlar o‘tkazish va g‘oliblarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish.
Bunda:
-Salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar, shu jumladan yirik korxonalarning oliy ma’lumotli mutaxassislarga ehtiyojini aniqlash va mutaxassislarga qo‘yiladigan talablarni shakllantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
-Tanlov g‘oliblarini salohiyatli ish beruvchi tashkilotlar buyurtmasiga ko‘ra individual kasbiy ta’lim dasturlari asosida kasbga dastlabki tayyorlash tadbirlari moliyalashtiriladi;
-Individual kasbiy ta’lim dasturlarida ishlab chiqarish obyektlarida amaliyot o‘tash va chet eldagi universitetlarda qisqa muddatli o‘quv kurslarida qatnashish imkoniyati yaratiladi.
Batafsil ma'lumotlarni bilish uchun QR-kodni skanerlang

