O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 1999 yil
7 aprel kuni e'lon qilingan Toshkent islom universitetini tashkil
etish to'g'risidagi tarixiy farmonida "Mamlakatimizda hamda
chet ellarda mavjud bo'lgan va yurtimizga olib kelingan islom
ta'limotiga oid manbalarni jamlash, ro'yxatga olish, talab darajasida
saqlash va kelajak avlod uchun yetkazish maqsadida islom universiteti
tarkibida Manbalar xazinasi tashkil etilsin" deb qayd etilgan
edi. Mana shunga ko'ra universitet doirasida Manbalar xazinasi
faoliyat ko'rsatib kelmoqda. O'tgan olti yil davomida universitet
rahbariyatining doimiy rahnomoligi natijasida bugungi kunda manbalar
xazinasi muttasil ravishda yangi asarlar bilan boyib bormoqda.
Mavridi kelganda aytish joizki, xazinaning boyish manbai asosan
aholidan xarid qilingan asarlar, xorijlik ayrim tashkilotlar va
respublikamiz fuqarolari tomonidan hadya tariqasidagi taqdim etilgan
kitoblar hisobiga amalga oshirilmoqda.Xazinada to'plangan asarlar
asosan uch yo'nalishga ega desak to'g'ri bo'ladi. Qo'lyozma ,
toshbosma asarlar va zamonaviy nashriy kitoblar. Manbalar xazinasiga
to'plangan qo'lyozmalar mavzulari jihatidan islomiy ilmlarning
deyarli barcha sohalariga mansub asarlardir. Ulardan Qur'oni Karimning
ko'plab nusxalari va tafsirlari,hadis va hadisshunoslik ilmiga
oid manbalar, fiqh, aqoid, islom tarixi va falsafasi, mantiq,
nahv-sarf ilmlari, nazmiy asarlar, qissalar, hikmatlar, balog'at
ilmiga oid asarlarni aytish mumkin. Davriy nuqtai nazardan Manbalar
xazinasidagi eng "ko'hna" nusxa fiqh ilmining allomasi,
buyuk vatandoshimiz Burhoniddin al-Marg'iloniy (1123-1187) qalamiga
mansub "al-Hidoya" asarining nodir qo'lyozmasi bo'lib,
u davlatimiz rahbari Islom Karimov tomonidan manbalar xazinasiga
hadya etilgan.
Mazkur tavsifni yaratishda mamlakatimiz va xorijiy ilmiy markazlarda
Sharq tillaridagi qo'lyozmalar kataloglarini tayyorlash bo'yicha
qo'llanilgan zamonaviy uslublardan ham foydalanildi.Katalogga
asarning nomi, uning muallifi, asarning qisqacha mazmuni va uning
asosiy belgilari (hajmi, qog'ozi, ko'chirilgan davri, xattotining
ismi, xat turi va hakozo) haqidagi ma'lumotlar kiritildi. Ushbu
katalogni tayyorlashda Toshkent islom universitetining xodimlari
Z. Islomov, U. Uvatov, S. Jamalov, H.Soliyev, S. Hamidova, B.
Ismoilov, M. Usmonov ishtirok etdilar.
Kitoblar universitetga MAR, S.Arabistoni, Iordaniya, Kuvayt kabi davlatlarning
oliy o`quv yurtlari va ularning yurtimizda faoliyat ko`rsatayotgan
elchixonalarining tuhfalardir. Saqlanayotgan zamonaviy nashr kitoblar
ichidan alohida e`tiborga moliklari qatorida M.Zamahshariyning
«Asos al-balog`a», «Rabiy` al-abror va nusus al-axbor» va «al-Kashshof»
asarlari, I.Buxoriyning «al-Jome` as-Sahih», «al-Adab al-mufrad»
asarlari, «Mavsu`a al-fiqh al-islomiy», «Al-fiqh al-hanafiy va
adillatuh» kabi fiqhiy qomuslar va to`plamlar, «Tafsir al-tabariy»,
«Tafsir al-qurtubiy», «Tafsir al-manor» , «Tafsir al-nasafiy»
kabi tafsirlarni, hamda Ibn Moja, al-Nasoiy «Sunan»lari Buxoriy
va Muslim «Sahih»lari kabi hadis to`plamlarini eslab o`tish joiz.