UZB РУС ENG ARAB

 

Manbalar xazinasi katalogi

Fiqhiy asarlar bo'limi

                      

                                   

 

      O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 1999 yil 7 aprel kuni e'lon qilingan Toshkent islom universitetini tashkil etish to'g'risidagi tarixiy farmonida "Mamlakatimizda hamda chet ellarda mavjud bo'lgan va yurtimizga olib kelingan islom ta'limotiga oid manbalarni jamlash, ro'yxatga olish, talab darajasida saqlash va kelajak avlod uchun yetkazish maqsadida islom universiteti tarkibida Manbalar xazinasi tashkil etilsin" deb qayd etilgan edi. Mana shunga ko'ra universitet doirasida Manbalar xazinasi faoliyat ko'rsatib kelmoqda. O'tgan olti yil davomida universitet rahbariyatining doimiy rahnomoligi natijasida bugungi kunda manbalar xazinasi muttasil ravishda yangi asarlar bilan boyib bormoqda. Mavridi kelganda aytish joizki, xazinaning boyish manbai asosan aholidan xarid qilingan asarlar, xorijlik ayrim tashkilotlar va respublikamiz fuqarolari tomonidan hadya tariqasidagi taqdim etilgan kitoblar hisobiga amalga oshirilmoqda.Xazinada to'plangan asarlar asosan uch yo'nalishga ega desak to'g'ri bo'ladi. Qo'lyozma , toshbosma asarlar va zamonaviy nashriy kitoblar. Manbalar xazinasiga to'plangan qo'lyozmalar mavzulari jihatidan islomiy ilmlarning deyarli barcha sohalariga mansub asarlardir. Ulardan Qur'oni Karimning ko'plab nusxalari va tafsirlari,hadis va hadisshunoslik ilmiga oid manbalar, fiqh, aqoid, islom tarixi va falsafasi, mantiq, nahv-sarf ilmlari, nazmiy asarlar, qissalar, hikmatlar, balog'at ilmiga oid asarlarni aytish mumkin. Davriy nuqtai nazardan Manbalar xazinasidagi eng "ko'hna" nusxa fiqh ilmining allomasi, buyuk vatandoshimiz Burhoniddin al-Marg'iloniy (1123-1187) qalamiga mansub "al-Hidoya" asarining nodir qo'lyozmasi bo'lib, u davlatimiz rahbari Islom Karimov tomonidan manbalar xazinasiga hadya etilgan. Bu nusxa, mutaxassislarning fikricha, XIII-asrda ko'chirilgan bo'lib, ushbu mo''tabar asarning jahon qo'lyozma xazinalarida saqlanadigan eng qadimiy nusxalaridan biri hisoblanadi. Manbalar xazinasida mavjud qo'lyozma va tosh bosma asarlardan foydalanishni osonlashtirish va samaradorligini oshirish maqsadida ularning qisqacha tavsifi (katologi)ni tuzish maqsadga muvofiq topilib, bu yo'nalishdagi dastlabki tajriba sifatida xazinadagi fiqh ilmiga oid qo'lyozma asarlarning qisqacha tavsifi tayyorlandi. Mazkur tavsifni yaratishda mamlakatimiz va xorijiy ilmiy markazlarda Sharq tillaridagi qo'lyozmalar kataloglarini tayyorlash bo'yicha qo'llanilgan zamonaviy uslublardan ham foydalanildi.Katalogga asarning nomi, uning muallifi, asarning qisqacha mazmuni va uning asosiy belgilari (hajmi, qog'ozi, ko'chirilgan davri, xattotining ismi, xat turi va hakozo) haqidagi ma'lumotlar kiritildi. Ushbu katalogni tayyorlashda Toshkent islom universitetining xodimlari Zohidjon Islomov, Ubaydullo Uvatov, Sadulla. Jamalov, Habibulla Soliyev, Saodat. Hamidova, Baxodir Ismoilov, Muxammadsidiq Usmonov ishtirok etdilar.

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

 

Katalogda qo'llanilgan ba'zi qisqartirmalar:

Ks-kurrosalar soni V-varaqlar soni, S- sahifadagi satrlar soni, H-hijriy sana, M-milodiy sana, Mo'-matn o'lchami, O'-asar o'lchami.

web designer: Usmonov Sherzod

email: sherzodkhiva@doda.uz