Talabalar ilmiy jamiyati
Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish va ularda ilmiy ishlarga ko‘nikma hosil qilish, ajdodlar merosidan unumli foydalanish uchun universitetda Talabalar ilmiy jamiyati faoliyat olib boradi. Talabalar ilmiy jamiyati (TIJ) Nizomi universitet Ilmiy kengashi tomonidan tasdiqlangan.
TIJning asosiy vazifalariga universitet talabalarining ilmiy va ijodiy imkoniyatlarini ochish va rivojlantirish, talabalarning intellektual salohiyatini ilmiy ko‘nikmalar orttirishga to‘liq yo‘naltirish, ilmiy tadqiqotlar va uning tamoyillari bo‘yicha izlanish olib boradigan talabalarni tayyorlash, talabalarni fundamental ilmiy tadqiqot ishlari, mualliflik guruhlari va dissertatsiya himoyalariga jalb etish, iste’dodli talabalarning ilmiy maqolalarini chop etish hamda ularning ilmiy ishlarini amaliyotga joriy qilishga ko‘maklashish, izlanuvchan talabalarni respublika va xalqaro miqyosdagi ilmiy anjumanlarda ishtirokini ta’minlash kabilar kiradi.
Ilmiy ish olib borayotgan talabalarga o‘quv-uslubiy, ilmiy-ijodiy faoliyati bo‘yicha reytingi yuqori professor-o‘qituvchilar ilmiy rahbar etib tayinlanadi. Ilmiy rahbarlar izlanuvchan talabalarga dolzarb mavzu tanlash va uni amalga oshirishga rahbarlik qiladi. Shuningdek, TIJ raisi ilmiy ish rejasini samarali bajarayotgan talabalarni moddiy va ma’naviy jihatdan rag‘batlantirish bo‘yicha muayyan tavsiyalar beradi. Ilmiy rahbarlar talabaning ilmiy ish doirasini quyi kursdan boshlab asta-sekin kengaytirib, uni diplom, keyinchalik nomzodlik dissertatsiyasi darajasiga olib chiqadi.
Binobarin, ham diniy, ham dunyoviy fanlarni uyg‘unlikda o‘rganib, ilmiy-nazariy yondashish tamoyillariga asoslanib, bu sohada har tomonlama ilmiy tadqiqotlar olib borishga qodir yuqori malakali kadrlar tayyorlashda TIJning har yilgi an’anaviy anjumani muhim ahamiyat kasb etadi.
TIJ ning yangi rejalarida respublikaning boshqa oliy o‘quv yurtlari talabalari bilan axborot almashish va ilmiy-amaliy anjumanlarida bevosita ishtirok etish, ajdodlar merosini chuqurroq o‘rganish va taniqli fidoyi olimlar bilan bevosita muloqot qilish kabi amaliy tadbirlar belgilab qo‘yilgan.




















