Struktura O'quv jarayoni Manbalar Hazinasi Bitiruvchilar Foydali Ma'lumotlar Bog'lanish
 

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi

Toshkent islom universiteti xalqaro aloqalari

 

 

            O’zbekiston  Respublikasi  Vazirlar  Mahkamasi  huzuridagi Toshkent islom

universiteti 1999 yil ta’sis bo’lgan kunidan boshlab hozirgi kungacha xorijdagi oliy va o’rta maxsus ta’lim muassasalari, ilmiy-madaniy markazlar, turli jamg’armalar hamda O’zbekistondagi chet el vakolatxonalari bilan ilmiy-madaniy sohalarda hamkorlik aloqalarni o’rnatib, davom ettirmoqda.

           

            O’tgan yillar davomida O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Toshkent islom universiteti xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida dunyoning turli mamlakatlaridagi oliy ta’lim muassasalari: jumladan Misr Arab Respublikasining Al-Azhar universiteti, Amerika Qo’shma Shtatlarining Sietl shahridagi Vashington nomli universiteti, Indoneziya Respublikasining Xalqaro davlat islom universiteti va Pokiston Islom Respublikasining Islomobod Xalqaro islom universiteti bilan ilmiy-madaniy sohalarni rivojlantirishga oid bo’lgan ikki tomonlama Shartnoma va Memorandumlar imzolangan.   

 

            Ikki tomonlama imzolangan hujjatlarga asosan 1999 yildan 2009 yilgacha universitetning 200 ga yaqin professor-o’qituvchilari, talaba, stajyor, aspirant va xodimlari almashinuv yoli bilan  Amerika Qo’shma Shtatlari, Kanada, Misr Arab Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Malayziya, Turkiya, Yaponiya, Germaniya, Shvetsiya, Avstraliya, Hindiston, Pokiston, Eron Islom Respublikasi, Avstriya, Daniya, Xitoy Xalq Respublikasi, Koreya Respublikasi, Qozog’iston, Qirg’iziston kabi davlatlarga turli o’quv kurslari, Xalqaro konferensiyalar va boshqa tadbirlarda qatnashish uchun safar qildi.      

            Shu paytga qadar Toshkent islom universiteti bilan tanishish, hamkorlik aloqalari o’rnatish maqsadida dunyoning ko’plab mamlakatlaridan 300 ga yaqin mehmonlar tashrif buyurdi. Ular orasida davlat boshliqlari, davlat arboblari, yetuk olimlar, chet davlatlarning O’zbekistondagi vakolatxonalari rahbarlari bor.

           

            Misr Arab Respublikasi Al-Azhar universiteti Shayxi Muhammad Sayyid At-Tantoviy hamda Germaniyaning Bonn universiteti professori Gudrun Kremerga Toshkent islom universitetining Faxriy doktori unvoni, Rossiyaning sobiq Prezidenti Vladimir Putinga Faxriy talaba unvoni berilgan.

           

            O’zbekistondagi Amerika Qo’shma Shtatlari, Kuvayt Davlati, Misr Arab Respublikasi, Eron Islom Respublikasi va Saudiya Arabistoni Podshohligi elchixonalari tomonidan universitetning 5 ta sinf xonasi ta’mirlanib, umumiy qiymati 150 ming AQSh dollariga teng bo’lgan zarur mebellar, zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan.

     

 

    AQSh, Kanada, Misr Arab Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya, Buyuk Britaniya, Gollandiya, Malayziya, Turkiya, Yaponiya, Germaniya, Shvetsiya, Avstraliya va Hindiston kabi davlatlar oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bo’yicha ma’lumotlar bazasi yaratilgan.

 

    Yaponiyaning Maorif universiteti bilan birgalikda Mahmud Az-Zamahshariyning Toshkentda saqlanayotgan dunyoda yagona to’rt tillik “Muqaddamat ul-Adab” asari yuzasidan 3 jildlik ilmiy tadqiqot amalga oshirildi (2006-2009 yillar). Birinchi jild – uning faksimil nashri 600 varaqda; ikkinchi jild – asardagi so’zlikning indeksi 20 bosma taboqda; uchinchi jild – asar bo’yicha nashr etilgan materiallar to’plami 15 bosma taboqda. Loyihani amalga oshirishda universitet professori Zohidjon Islomov, Islomshunoslik ilmiy tadqiqot markazi xodimi Hamid Hasanov va Yaponiya Maorif universiteti professori Saito Yoshiro qatnashgan.

Toshkent islom universiteti professor-o’qituvchilarining tilshunoslik, manbashunoslik, O’rta Osiyo tarixi, tabiiy fanlar, siyosatshunoslik, falsafa va iqtisod bo’yicha maqolalari Yaponiya, Italiya, AQSh, Shvetsiya, Turkiya, Rossiya, Belorus, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston, Tojikiston kabi davlatlardagi gazeta va jurnallarda chop etilgan.

 

2009 yil 9 iyun kuni Toshkent islom universitetida O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning “Yuksak ma’naviyat-yengilmas kuch” asarining arab tilidagi nusxasi taqdimoti bo’lib o’tdi. Tadbirda davlat jamoat tashkilotlari vakillari, universitet professor-o’qituvchilari va talabalari, taniqli sharqshunos, dinshunos, islomshunos olim va mutaxassislar, musulmon davlatlarining O’zbekistondagi diplomatik vakolatxonalari vakillari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

 

            Hozirgi kunda Toshkent islom universitetida Misr Arab Respublikasidan kelgan 1 nafar professor beg’araz yordam sifatida talabalarga arab tilidan dars bermoqda.

 

Yaponiyadan kelgan Vaseda universitetining professori Akihiko Sukatani “Xalqaro valyuta tizimi” va “Yaponiya moliyasining zamonaviy tendensiyalari” mavzularida master klass kurslarini olib bormoqda.


Barcha huquqlar himoyalangan 2010, © Toshkent Islom Universiteti
Sayt ziyo.uz tomonidan tayyorlandi